Yangiliklar

Mamlakatimizga “Revo-i” rusumli robot-xirurg olib kelingani haqida xabar bergan edik.

Nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda noyob boʻlgan ushbu innovatsion texnologiya orqali sanoqli kunlar ichida 8 nafar bemorda murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Xususun, robot-jarroh yordamida ogʻir xastalikdan shifo topgan ana shu yurtdoshlarimiz hozir qisqa muddatli muolajalarni tugallab, oʻz uylariga qaytgan.

Qamashi tumanilik Yunus Xolboyev — ulardan biri. Aprel oyida bemorda saratonning xavfli turlaridan biri aniqlangandi. Tegishli muolajalardan soʻng mutaxassislar operatsiya oʻtkazish oxirgi chora ekanini maʼlum qilishdi. Dastavval bu jarrohlik amaliyoti laparoskopik usulda oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi.
Keyin robot-xirurg orqali bajariladigan operatsiya taklif qilingach, bemor ancha xavotirga tushganini aytadi:

— Oʻzbekistonda robot operatsiya qilgan birinchi bemor boʻlishimni eshitganimda biroz qoʻrquv ham boʻldi, — deydi hamyurtimiz. — Lekin uning boshqaruvi malakali shifokorlar qoʻlida ekanini bilib, mutaxassislarimiz tajribasiga ishondim va amaliyotga rozi boʻldim. Ikki soatda hammasi oʻtib ketdi. Hozir esa uyga ketish taraddudidaman. Robot “qoʻl”laridan shifo topgan yana bir bemor — Muhabbat Shomansurova. 58 yoshli hamyurtimiz buyragidagi oʻsimta sabab shifoxonaga murojaat qilgach, unga ham robot-xirurg xizmati taklif qilindi. Kesishlarsiz, kam orgʻiqli va natijasi odatiy operatsiyalardan koʻra yuqori boʻlishi kutilgan amaliyotga bemor rozi boʻladi. Operatsiyadan ikki kun oʻtgach, Muhabbat opa oilasi bagʻriga sogʻlom qaytdi.

Odatda buyrak saratoni aniqlangan bemorlarda oʻtkaziladigan operatsiyalar yirik kesishlar bilan amalga oshirilar, ogʻir holatlarda esa bemorning buyragi olib tashlanar, operatsiyalar muvaffaqiyatli oʻtgan holatda ham, choklar ehtiyot qilinmasa, jarohat yiringlashi xavfi boʻlardi. “Revo-i” robot tizimi orqali esa buyrak ichiga kirib borilib, bir necha santimetrlik oʻsma aniqlik bilan olib tashlandi.

Robot-xirurg orqali qilingan onkologik amaliyotlar yana qayta paydo boʻlmasligi uchun oʻsimtani butunlay olib tashlashi, asab tugunlari va boshqa muhim organlarga taʼsir qilmasligi, minimal qon yoʻqotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sogʻayib ketishini tezlashtirishi bilan bebaho ahamiyatga ega.