Bobur Toirov, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo’lim mudiri:
— Ba’zi insonlar tashqi ko’rinishidagi ayrim nuqson va deformasiyalar sababli qattiq tushkunlikka tushadi. Plastik jarrohlik, avvalo, ana shunday shaxslarni jamiyatga qaytarib, ularni avvalgidek hayot kechirishiga yordam beradi.
Ya’ni, bunday amaliyot faqat go’zal bo’lish istagidagi ayollarning orzulari ushalishigagina emas, balki kimningdir tanasiga etgan jarohatlardan keyingi asoratlarni davolash, kuyishdan keyingi kelloid chandiqlar va funktsional etishmovchiliklarni bartaraf etish hamda tug’ma nuqsonlar bilan tug’ilgan bolalarni davolashda qo’llaniladi.
Plastik jarrohlikda to’qimalarning joyi o’zgartirilishi, tananing boshqa qismidan olingan to’qimalar ko’chirib o’tkazilishi, organizmga yot, biroq unga bezarar bo’lgan metall, plastmassa, sintetik tolalar implantasiya qilinishi mumkin.
Ushbu amaliyot plastik rekonstruktiv va plastik estetik yo’nalishlarida amalga oshiriladi.
Rekonstruktiv plastik jarrohlik amaliyoti tug’ma va orttirilgan nuqsonlar — bosh suyagi anomaliyasi, yuqori va pastki jag’larning tug’ma va orttirilgan deformasiyalari, kuyish, avtohalokat hamda og’ir kasallik sababli orttirilgan nuqson va deformasiyalar oqibatlarini bartaraf etish, to’g’rilash, tana a’zolariga ma’lum vazifalarni qaytarish maqsadida o’tkaziladi.
Estetik plastik jarrohlik amaliyoti esa asosan yuz va tananing yillar o’tishi mobaynida rivojlangan estetik etishmovchiliklarini bartaraf etishga yordam beradi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

